logo
Orqaga k ro'yxatiga

Chevrolet Orlando – Barcha Oila Uchun Ajoyib Sovg’a

10-mart kuni poytaxtimizning «Driver’sVillage» avtosalonida yangi “Chevrolet Orlando” minivenining taqdimoti bo’lib o’tdi. Tadbir tashkilotchilari “O’zavtosanoat” AK va “General Motors O’zbekiston” AJ bo`ldi. Tadbirning rasmiy qismini “GM”ning  O’zbekistondagi prezidenti va boshqaruv direktori Kazem Kaxer hamda «GM O’zbekiston» YoAJning Marketing, savdo va avtoservis bo’yicha boshqaruv direktori Abdumalik Abdullayevlar ochib berdi. Ular tadbir ishtirokchilariga tabrik so’zlari bilan murojaat qilib, yurtimiz avtosanoatidagi ushbu ahamiyatli sana bilan tabrikladi.

Mazkur oilaviy minivenning seriyali ishlab chiqarishga qo’yilishi 2014-yil - “Sog’lom bola yili” da o’zbek iste’molchilari uchun haqiqiy sovg’a bo’ldi. Avtomobil mashhur “Chevrolet Cruze” sedani platformasida yaratildi. Krossoverni eslatuvchi yetti o’rinli kompakt miniven bir vaqtning o’zida ham dinamik, ham ko’rkam eksteryerga ega. Uning o’ziga xos nafisligiga, purviqorligiga va go’zalligiga uning pasaytirilgan tomi hamda klassik qat’iy shakllari orqali alohida urg’u berilgan.

Taqdimot bahor va yangilanish kayfiyatiga to’la ruhda o’tdi. Mehmonlarni kiraverishda “Illyuziya” shou-orkestri kutib oldi: dunyoning mashhur mualliflari qalamiga mansub asarlarni mahorat bilan ijro etgan shoyi liboslardagi qizlar va frak kiygan yosh yigitlar mehmonlarni ohangrabo musiqa kuylari bilan xushnud etdi.

Internet yulduzi hisoblangan olti yoshli Jo’rabek Jo’rayev o’zining musaffo va shirali ovozi bilan ko’plab olqishlarga sazovor bo’ldi. Botir Zokirovning “Arab tangosi” uning ijrosida o’zgacha ohang kasb etdi. Bundan tashqari, “Sharq” VIA ham “Yalla” guruhining sara qo’shiqlarini ijro etib, o’zbek avtomobil sanoati xodimlarini va muhandis-konstruktorlarining kayfiyatiga ko’tarinkilik baxsh etdi.

Tantananing asosiy “aybdori”  “Chevrolet Orlando”ning podiumda paydo bo’lishi esa kechaning avj nuqtasi bo’ldi. Ushbu miniven barcha oilali juftliklarga mo’ljallangan bo’lib, u hayotning barcha holatlariga to’g’ri kelishi va oilaning sevimli avtomobiliga aylanishi ko’zda tutilmoqda.

Yangi model qulayligi (hamma joyda va har doim ishlatish mumkinligi), kengligi, foydalanishdagi soddaligi va real bichimi bilan ajralib turadi. Ushbu avtoulovni tanlagan mijoz quyidagi imtiyozlaridan bahramand bo’ladi: uning ixtiyoriy komplektatsiyasida 7 ta o’rindiq mavjud, universal interyer (uni qiyinchiliklarsiz toza tutish va uzoq muddat ekspluatsiya qilish mumkin), yuklarni tashish uchun avtomobilda keng joy ajratilgan, o’rindiqlarni 16 ta turli holatda sozlash mumkin, ko’plab qo’shimcha bo’limlar, turli funktsional imkoniyatlarga ega priborlar paneli, boshqaruv elementlarining qulay dislokatsiyasi, old va yon xavfsizlik yostiqchalari, tormozlarning antibloklovchi tizimi, balandligi sozlanuvchi rul kolonkasi, orqani ko’rsatuvchi isitkichli elektron yon oynalar, old o’rindiqning 4 holatda sozlanishi, yomg’ir ko’rsatkichi, klimat-kontrol, kriuz-kontrol va parkovka sensorlari.

Yangi modelni ishlab chiqarish Xorazm viloyatida tashkil etilgan zavodda so’nggi texnologiyalar asosida amalga oshirilmoqda.

Dvigatelning ishchi hajmi 1,796 litrga teng, uning kuchi esa 141 ot kuchiga ega bo’lgan “Chevrolet Orlando”ning 6 bosqichli avtomatik transmissiyali komplektatsiyasi ham mavjud. U 100 km. masofani 7,9 litr yoqilg’i sarflab bosib o’tadi, soatiga 100 km/soat tezlikka erishish uchun esa u 11,8 soniya vaqt sarflaydi, avtomobilning maksimal tezligi 185 km/soatni tashki etadi.  Bugungi kunda “Chevrolet Orlando” 4 ta: oq, to‘q qizil, kulrang va moviy osmon ranglarida ishlab chiqarilmoqda.