logo
Orqaga k ro'yxatiga

MAHORAT VA UDDABURONLIK BAHSI

Jizzax shahridagi «Navro‘zbuloq» poygagohida joriy yilning 14-15 fevral kunlari avtokross bo‘yicha O‘zbekiston kubogi musobaqalari o‘tkazildi. O‘zbekiston milliy avtomobil federatsiyasi, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi "Vatanparvar” tashkiloti, Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi hamda Jizzax viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada Toshkent, Namangan,  Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo  va Jizzax viloyatidan 10 dan ortiq sport klublari g’oliblik uchun kurash olib bordilar.

Kubok musobaqalarining birinchi kunida muxlislar "A-7” hamda "A-8” sinfiga mansub avtomobillar poygalariga guvoh bo‘lishdi.

 "A-7” sinfidagi  avtomobillar poygasida "Shayhontohur” o‘quv-sport texnika klubi vakili Farhod Daminov birinchi, "Jizzax-Bunyodkor”  vakili   Sarvar Tojiqulov ikkinchi, Jizzax viloyat  texnik va amaliy sport  turlari markazi sportchisi  Baxtiyor Toshboev uchinchi o‘rinni egalladilar.

"A-8” sinfidagi  avtomobillar poygasida  esa Toshkent shahri vakillari Rostislav Belyakov birinchi, G‘ofur Xuseynov ikkinchi o’rinlarni qo’lga kiritishgan bo’lsa, samarqandlik Jamol Zokirov uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi.

Musobaqaning ikkinchi kunidagi  bahslar biroz noqulay ob-havo sharoitida o‘tkazilishiga qaramasdan juda qiziqarli va murosasiz bo’ldi. Yomg‘ir ostida kechgan bahslarda "Baggi” va milliy rusumdagi "Nexia” avtomobillari o’zlarining bor imkoniyatlarini hamda nimalarga qodirligini avtohavaskorlarga yana bir bor namoyon etdi.

"Baggi” sinfidagi avtomobil haydovchilari o‘rtasidagi bahsda Jizzax viloyati  texnik va amaliy sport turlari markazi sportchilari G‘ayrat Odilov hamda  Omon Yo‘ldoshev birinchi va uchinchi o‘rinlarni  band etgan bo‘lsa, "Shayhontohur” o‘quv-sport texnika klubi vakili Avgust Sechkorenko marraga ikkinchi bo‘lib etib keldi. 

"Nexia” sinfidagi milliy avtomobillarimiz musobaqasida Jizzax viloyat texnik va amaliy sport  turlari markazi sportchisi Bekzod Odilov birinchi, "Shayhontohur” o‘quv-sport texnika klubi vakili Igor Gaziyans ikkinchi va samarqandlik Ilhom Obidjonov kuchli uchlikni yakunlab berdi.

Umumjamoa hisobida   408 ochko jamg‘argan Jizzax viloyati  jamoasi birinchi, 344 ochko to‘plagan Toshkent shahri sportchilari ikkinchi va 265 ochko bilan qashqadaryolik avtosport klubi vakillari  uchinchi o‘rinni egalladilar.

Musobaqa yakunida kuchli uchlikka kirgan O‘zbekiston kubogi ishtirokchilariga   esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuni alohida aytib o’tish kerakki, joriy yilning mart  va dekabr oylarida mazkur poygagoh avtokross bo‘yicha "O‘zbekiston chempionati” bahslariga mezbonlik qilishi kutilmoqda.