logo
Orqaga k ro'yxatiga

Samarqand avtomobilsozlik kollejida «Avtomexanik-2015» texnik musobaqasi bo'lib o'tdi

Samarqand shahrida joylashgan Avtomobilsozlik kolleji hududida Samarqand Avtomobil Zavodi («SamAvto» MChJ)da ishlab chiqarilgan «ISUZU» shassisi asosida harakatlanuvchi transport vositalarini texnik ta'mirlash ishlari bilan shug'ullanuvchi mutaxassislari o'rtasida texnik musobaqa bo'lib o'tdi. G'oliblar 2015 yilning kuz oyida Yaponiyada bo'lib o'tadigan ISUZU I-1 Grand-Prix nufuzli xalqaro texnik musobaqada O'zbekiston jamoasi tarkibida qatnashish imkoniyatini qo'lga kiritish uchun keyingi saralovchi bosqichlarga yo'l oladilar. O'tgan yili Yaponiyada o'tkazilgan ushbu texnik musobaqaning «V» guruhida zavodning uch nafar mutaxassisi ishtirok etib, faxrli 3-chi o'rinni qo'lga kiritishgan edi. Shu sababli tanlovning har bir saralovchi bosqichiga katta e'tibor qaratiladi, ya'ni O'zbekiston shanini himoya qilish uchun mahalliy «Avtomexanik-2015» tanlovida sovrinli o'rinlarni qo'lga kiritgan mutaxassislardan tarkib topgan jamoa, joriy yilning noyabr oyida Yaponiyada bo'lib o'tadigan musobaqada yanada yaxshiroq natijalarga erishishlari kutilmoqda. ««SamAvto» MChJ dilerlik tarmog'ining xizmat ko'rsatish stantsiyalari avtomexaniklarining yuqori mahorati va ularning tanlovga bo'lgan katta qiziqishlari bizni juda ham quvontirdi. Ishonchim komilki, bu kabi texnik musobaqalar mexaniklarning professionallik darajasini oshiribgina qolmay, Samarqand Avtomobil Zavodida ishlab chiqarilayotgan har bir mahsulotga yuqori sifatli texnik xizmat ko'rsatishga bo'lgan intilishlarini ham tobora kuchaytirib boradi», - deb ta'kidladi, avtomobil yig'ish kompleksining boshlig'i, hakamlar jamoasi vakili Shodixo'ja Abulqosimov. O'tgan 2013 va 2014 yillardan farqli o'laroq, bu yilgi tanlovga qiziqish ancha ortganligi qayd etildi: tanlovda qatnashish uchun respublikamizning turli viloyatlarida joylashgan jami 14ta dilerlik markazlari o'z arizalarini topshirdilar. Bu safar Samarqand Avtomobil Zavodi ham o'z jamoasini tayyorlashga muvaffaq bo'ldi. Jamoalar tarkibiy qismiga ham o'zgartirishlar kiritildi: jamoaning avvalgi tarkibi ikki nafar avtomexanikdan iborat edi, bu yili esa jamoalar safi sardorlar hisobiga kengaytirildi. Bo'lib o'tgan «Avtomexanik-2015» tanlovida Toshkent shahri, Qoraqalpog'iston, Farg'ona, Buxoro va Samarqand viloyatlaridan ikkitadan jamoa, Namangan, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm va Navoiy viloyatlaridan bittadan jamoalar ishtirok etdilar.

Musobaqa natijalariga ko'ra, 1 – o'ringa Samarqand Avtomobil Zavodi jamoasi: jamoa sardori Hubbimov Ahror hamda avtomexaniklar Babatov Jasurbek va Norxo'jaev Saidrasullar sazovor deb topildi.

2 – o'rinni, mana ikkinchi yildirki, «AvtoZAZ» MChJ Samarqand dilerlik markazi vakillari: jamoa sardori Zakeryaev Mustafa hamda avtomexaniklar Yorbekov Suhrobjon va Seytveliev Emillar qo'lga kiritdilar.

3 – o'rin bu yili Namanganlik mutaxassislar, «NamAvto Universal Trans Servis» MChJ dilerlik markazi vakillari: jamoa sardori Ortiqov Bori hamda avtomexaniklar Nishonov Rosul va Bogoslovskiy Vasiliylar qo'lga kiritdilar.

Shuningdek, musobaqaning taqdirlash marosimida turli nominatsiyalar bo'yicha ham g'oliblar aniqlandi

Nazariy topshiriqlar bo'yicha eng yaxshi natija «AvtoZAZ» MChJ jamoasi vakili Seytveliev Emil tomonidan ko'rsatildi.

Amaliy topshiriqlar bo'yicha eng yaxshi natijani «Avtomobilni ko'zdan kechirish» bosqichida Toshkentlik «Grand Motors» MChJ dilerlik jamoasi namoyish etdi.

«Dvigatelni ta'mirlash» bosqichidagi eng yaxshi natija egasi SamAvto zavodining mutaxassisi Babatov Jasurbek bo'ldi.