logo
Orqaga k ro'yxatiga

«UZ-DONGWON KO.» QO‘SHMA KORXONASI: SIFATLI QISMLARGA KAFOLAT

«Uz-Dongwon Ko.» o‘zbek-koreys  qo‘shma korxonasi «GM Uzbekistan» AJ da ishlab chiqariladigan Nexia, Matiz, Spark va Gentra avtomobillari uchun uskunalar paneli ko‘ndalang kronshteynlari va eshiklar uchun zarbaga qarshi balkalar hamda chiqarish tizimlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Bugungi kunda korxonaning ishlab chiqarish quvvati yiliga, 220 ming jamlamdagi mana shunday butlovchi qismlarni ishlab chiqarishga qodir. Ayni paytda korxona mehnat jamoasida 450 nafardan ortiq  yurtdoshlarimiz mehnat qilib kelmoqdalar. Ularning 40 foizini aynan o‘rta maxsus kasb-hunar kollejlarining bitiruvchilari tashkil etadi.

«Uz-Dongwon Ko.» qo‘shma korxonasi Koreya va Yaponiya yetakchi ishlab chiqaruvchilari tomonidan tayyorlangan zamonaviy yuqori texnologik uskuna va dastgohlar bilan jihozlangan. Ishlab chiqarish jarayoni quvurlarni turli shakllarga solish, bukish  kesishdan tashkil topgan. Shuningdek, korxona uskunalar paneli ko‘ndalang kronshteynlari, eshiklarning zarbaga qarshi balkalar, ishlangan gazlarni chiqarish tizimlarini ishlab chiqarish uchun avtomatik payvandlash jihozlari va  payvandlovchi robotlar bilan jihozlangan. Ishlangan gazlarni chiqarish tizimini ishlab chiqarishda zanglamaydigan  po‘lat va metall quvurlardan  hamda xorijiy va mahalliy hamkorlar tomonidan yetkazib beriladigan yuqori sifatli materiallardan foydalaniladi.

Korxonada sifatli butlovchi qismlar ishlab chiqarilishini kafolatlovchi ISO 16949 va QSB  sifat boshqaruvi tizimi ishlab chiqarishga joriy etilgan.

«O‘zbekiston Respublikasining 2015 yildagi Investitsiya Dasturi to‘risida”gi Prezident Qaroriga muvofiq bugun korxona «GM Uzbekistan» - «T-250» yangi loyihasi uchun   ishlatilgan gazlarni chiqarish tizimi, uskunalar panelining ko‘ndalang kronshteyni,   zarbaga qarshi eshiklarga mo‘ljallangan balkalar hamda bamperlar uchun zarbani yutuvchi balkalar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish ustida ish olib borishmoqda.  Shuningdek, bunga qo‘shimcha ravishda «J-200» (Gentra) loyihasi uchun ham zarbaga qarshi eshiklar balkalarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan.