logo
Orqaga k ro'yxatiga

«UZSUNGWOO» QK MCHJ MAQSAD: EKSPORT SALOHIYATINI O'STIRISH

Bugun avtomobilsozlik – mamlakatimiz iqtisodiyotida eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan ko'plab korxonalarni o'zida birlashtirib juda tez sur'atloar bilan rivojlanib borayotgan sohadir. Dunyodagi etakchi kompaniyalar bilan teng huquqli va o'zaro manfaatli hamkorlik o'rnatishga asoslangan rivojlanish strategiyasi dunyo standartlariga javob beradigan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Avtomobillar uchun zarur bo'lgan butlovchi qismlarni mahalliylashtirish bo'yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Mamlakatimizda butlovchi va ehtiyot qismlarni ishlab chiqarishning yo'lga qo'yilishi valyuta va vaqtni tejash bilan birga, mahsulot tannarxining tushishiga hamda ko'plab yangi ish o'rinlarining yaratilishiga imkon beradi.

Mahalliylashtirish Dasturiga muvofiq, murakkab detallar va butlovchi qismlarni o'zimizda sifatli ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ko'plab qo'shma korxonalar tashkil etildi. O'zbekistonda Mahalliylashtirish Dasturiga kiritilgan korxonalarning qator soliq va bojxona to'lovlaridan ozod qilinishi mahsulot tannarxining sezilarli darajada tushishi hisobiga ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshliligini oshirish imkonini beradi. 2014 yilda Mahalliylashtirish Dasturi doirasida “O'zavtosanoat” AK tarkibiga kiruvchi ko'pgina korxonalar 16 ta loyiha bo'yicha umumiy qiymati 141,1 mlrd so'mlik mahsulotlar ishlab chiqarilishi ta'minlandi. Bundan tashqari, Xorazm viloyati hududida Damas rusumli avtomobillarning ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish bo'yicha beshta loyiha amalga oshirildi. O'zbekiston avtomobilsozlik tarmog'idagi korxonalar yangi yilda erishgan natijalar bilan qanoatlanib qolmasdan mamlakatning eksport salohiyatini yanada oshirishga hissa qo'shishmoqda.

 O'tgan yilning oktyabrida "UZSUNGWOO" QK MChJ korxonasi yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlandi. Hozirgi kunda bu korxona "GM Uzbekistan" AJ da ishlab chiqarilayotgan yangi avtomobillar uchun shtamplovchi-payvandlovchi qismlarni etkazib berayapti. Yaqinda korxonaning ish faoliyatiga ikki yil to'lishi munosabati bilan rahbariyat kompaniya a'zolarini tabrikladi. Ularning ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi. Korxonada yilning eng yaxshi beshta xodimi samarali mehnati uchun qimmatli sovg'alar bilan taqdirlandi. Bu esa boshqa xodimlar g'ayratiga-g'ayrat qo'shgan holda, bir yoqadan bosh chiqarib sifatli va zamonaviy mahsulot ishlab chiqarishga rag'batlantiruvchi omil bo'ldi. Bugungi kunda " UZSUNGWOO " QK MCHJ ishlab chiqargan mahsulot hajmi 120 ming shtampli-payvandlangan jamlamni tashkil etib, aynan COBALT avtomobili uchun 183 nomdagi butlovchi qismlarni ishlab chiqaradi. Ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish maqsadida korxona ishchilari ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning turlarini yanada oshirish ustida ish olib borishmoqda. Bung misol tariqasida 2015 yilning yanvar oyida yangi avtomobil rusumlari uchun uch turdagi shtamplash qismlarini ishlab chiqarish o'zlashtirilganini keltirish mumkin. Bundan tashqari mahalliylashtirish Dasturi bo'yicha kompaniya ishchilari «GM Uzbekistan» AJ bilan hamkorlikda ayni paytda Janubiy Koreyadan import qilinayotgan 20 nomdagi yarimfabrikatlarni «UZSUNGWOO» qo'shma korxonasida ishlab chiqarish uchun konveyer liniyasini olish ustida ish olib borishmoqda. “O'zavtosanoat” AK ning 2014-2015 yillarda tizimdagi ishlab chiqarish korxonalarining eksport salohiyatini yanada oshirish to'g'risidagi Farmoyishiga muvofiq ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar eksportini bosqichma-bosqich oshirib borish bo'yicha korxonalarda tegishli tadbirlar ishlab chiqilgan. Yuqoridagilardan kelib chiqib, 2014 yilning dekabr oyi oxirida «UZSUNGWOO» qo'shma korxonasida ishlab chiqarilgan avtomobil butlovchi qismlarining dastlabki qismi Braziliyadagi «General Motors do Brasilia LTDA» kompaniyasiga jo'natildi. O'zaro hamkorlik to'g'risidagi muloqotlar jarayonida xorijiy hamkorlarga sinovdan o'tkazishlari uchun mahsulotlardan namunalar jo'natilgan edi. «General Motors do Brasilia LTDA» kompaniyasining bergan ijobiy xulosalaridan keyin tomonlar 2014 yilning avgust oyidan boshlab mazkur mahsulotlarni eksport qilish bo'yicha shartnoma bitimini imzolashdi. Korxona jamoasi o'z mahsulotlarini eksportga yo'naltirishni boshlagani munosabati bilan “O'zavtosanoat” AK ning “Mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishga qo'shgan hissasi va belgilangan vazifalarni sifatli bajargani uchun” Faxriy yorlig'i bilan taqdirlandi. Korxona bosh direktori o'rinbosari F.Saydahmedov “Eksportbop mahsulotlar turini yanada kengaytirish va avtomobillar butlovchi qismlarining eksport hajmini yanada oshirish maqsadida korxonamizda kelgusida ham mahsulotlarnining eksport salohiyatini bosqichma-bosqich oshirib borishga alohida e'tibor qaratiladi” deya ta'kidladi. Aksariyat ishlab chiqarish korxonalari Farg'ona vodiysida «GM Uzbekistan» AJ ga yaqin masofada joylashgan. Ularda engil avtomobillar va tijoriy transport vositalarini yig'ish uchun zarur bo'lgan jami butlovchi qismlarning 80 foizi ishlab chiqariladi. Mahalliylashtirish Dasturi bo'yicha yangi korxonalar va ishlab chiqarish zavodlarining ochilishi mamlakatimiz sanoat salohiyatining o'sishiga qo'shilgan jiddiy ulush hisoblanadi. Bu esa o'z avtomobillarimizni narx va sifat jihatidan o'zaro uyg'unligi tufayli yanada ommabop qiladi.