logo
Orqaga k ro'yxatiga

«O'Z-KORAM KO.» KORXONASIDA YANGI MAHSULOT TURLARI

1995 yilda o'z faoliyatini boshlagan «O'z-Koram Ko.» MChJ korxonasi zamonaviy yuqori texnologik material-polipropilendan (Expandable Poly Propilene) avtomobillar uchun zarbani yutuvchi materiallar, engil va kamxarajatli plastik bamperlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya o'z faoliyatini boshlagan kundan buyon avtomobillar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish bo'yicha etakchilardan biriga aylandi. Hozirgi paytda «O'z-Koram Ko.» MChJ korxonasining yillik quvvati buyurtmachining talabiga ko'ra «GM Uzbekistan» AJ da ishlab chiqarilayotgan turli rangdagi avtomobillar kuzoviga mos 230 ming jamlam bamperlar, uskunalar paneli va eshiklarning ichki qoplamalarini ishlab chiqarishni tashkil etadi. Ayni paytda korxonada «Nexia», «Matiz», «Damas», «Lacetti», «Spark», «Cobalt» avtomobillari uchun bamperlar, «Nexia», «Matiz», «Damas» avtomobillari uchun uskunalar paneli, «Matiz» avtomobili eshiklari uchun ichki qoplamalar, «Nexia», «Lacetti», «Spark», «Cobalt» avtomobillari uchun zarbani yutuvchi materiallar ishlab chiqarilmoqda.

 O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 17 noyabrdagi №PP-2264 sonli «O'zbekiston Respublikasining 2015 yildagi Investitsiya dasturi to'g'risida»gi Qaroriga asosan korxonada ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida shisha tolasiga o'xshash «WLFT» xom-ashyosidan avtomobil qismlarini ishlab chiqarish bo'yicha yangi liniyani ishga tushirish rejalashtirilmoqda. «O'z-Koram Ko.» korxonasi mazkur ishlab chiqarish liniyasida aynan, «Gentra» rusumidagi avtomobillar uchun FRONT IMPACT BEAM qismlari ishlab chiqarishni o'zlashtirishni maqsad qilgan. Shu bilan birga ayni paytda «Gentra» avtomobili o'rindiqlari uchun shisha tolasiga o'xshash xom-ashyodan tayyorlanadigan FRAME A-F/CUSH, LH/RH, FRAME A-R/BACK,LH/RH kabi qismlarni mahalliylashtirish, ya'ni korxonada ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish borasida ham izlanishlar olib borilmoqda.